ADLIYA VAZIRLIGI TSTB INSTITUTI
Tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar samaradorligini tartibga solish ta’sirini baholash mexanizmlari
Adliya vazirligi huzuridagi
Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish
ta’sirini baholash instituti Yetakchi maslahatchisi
Shermatov Nuriddin
Mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada normativ-huquqiy hujjatlarning amaliy samaradorligini ilmiy asosda tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash tizimi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar samaradorligini tartibga solish ta’sirini baholash mexanizmlarini joriy etishning huquqiy asoslari bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 16.08.2024 yildagi PF-111-son Farmoni hamda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan metodologik ko‘rsatmalar bu tizimning normativ asosini tashkil etadi.
Amaliyotda TSTB bir necha bosqichli jarayon sifatida amalga oshiriladi.
Dastlab, muammoni aniqlash bosqichida tartibga solish zaruriyati mavjudmi yoki yo‘qmi degan savol atrofida tahlil olib boriladi. Ba’zan muammo qo‘shimcha qonunchilik orqali emas, balki mavjud mexanizmlarni takomillashtirish yo‘li bilan hal etilishi mumkin.
Alternativalarni ko‘rib chiqish bosqichida turli tartibga solish variantlari solishtiriladi: to‘liq taqiq, litsenziyalash, texnik standartlar, ixtiyoriy sertifikatlash yoki hech qanday tartibga solishsiz qoldirish kabilar. Har bir variant bo‘yicha xarajat-foyda tahlili amalga oshiriladi.
Xalqaro til bilan aytganda, stakeholderlar bilan maslahatlashish — TSTB jarayonining eng muhim qismi. Tadbirkorlar, sanoat uyushmalari, ist’molchilar vakillari va ekspertlarning fikr-mulohazalari to‘planadi. Bu amaliyot qonunning amaliy samaradorligini oshiradi va kelajakdagi nizolarning oldini olishda yordam beriad.
Keyingi baholash esa hujjat qabul qilinganidan so‘ng belgilangan muddatlarda — odatda bir yil, uch yil va besh yildan keyin — uning real natijalarini o‘lchaydi. Bu bosqich ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi, ammo haqiqiy samaradorlik baholash uchun u hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Asosiy muammolar va yechimlar
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, normativ-huquqiy hujjatlar samaradorligini baholashda bir necha tizimli muammolar ham yo‘q emas.
Birinchidan, TSTB jarayonida ma’lumotlar yetishmasligi hamda kerakli ma’lumotlarning yig‘ilish muddatlarining uzunligi jiddiy to‘siq bo‘lib turibdi. Bu borada tadbirkorlik faoliyatida manfaatdor davlat tashkilotlari orasida ma’lumot almashinishini kuchaytirish zarur.
Ikkinchidan, ko‘p idoralilik muammosi. Bitta soha bir nechta idoraning tartibga soluvchi hujjatlari bilan o‘rab olingan hollarda ziddiyatli talablar paydo bo‘lishi mumkin. Xususan, oziq-ovqat sanoati uchun sanitariya, veterinariya, standartlashtirish va bojxona sohasidagi talablar bir-biriga to‘qnash kelishi hollari kuzatilgan.
Bu muammolarni bartaraf etish uchun bir qancha choralar ko‘rish talab etiladi, jumladan, TSTB xulosalarining majburiyligi bo‘yicha qonuniy mexanizmlarni kuchaytirish; raqamli platformalar orqali tadbirkorlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish; va baholash metodologiyasini OECD standartlari bilan uyg‘unlashtirish.
Xalqaro tajribadan nimalarni olish mumkin?
Buyuk Britaniyada “One In, Two Out” tamoyili joriy etilgan — yangi tartibga soluvchi hujjat qabul qilinishi uchun amalda mavjud va ushbu sohani tartibga soluvchi kamida ikki hujjat bekor qilinishi shart. Ya’ni, bu – ikki hujjat o‘rniga bir hujjat tamoyilidir. Bu yondashuv normativ yukni kamaytirish bo‘yicha aniq natijalarga olib kelgan.
Niderlandiyada biznes uchun ma’muriy xarajatlarni hisoblaydigan “Standard Cost Model” metodologiyasi ishlab chiqilgan va u bugunda butun Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida keng qo‘llaniladigan amaliyot hisoblanadi. Ushbu model tadbirkorning amaldagi qonunchilikka muvofiq ish yuritishi uchun sarflaydigan vaqti va moliyaviy xarajatlarini aniq qiymatda ifodalaydi.
Ushbu tajribalardan xulosa qilish mumkinki, TSTBning samarali ishlashi uchun uchta shart zarur: mustaqil baholash organi, kuchli metodologik asos va siyosiy iroda.
Xulosa
Tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar samaradorligini baholash — bu nafaqat texnik masala, balki davlat boshqaruvining sifatini belgilaydigan asosiy mezonga aylanib borayotgan strategik vazifadir. Qonunlar va qoidalar tadbirkorlar uchun yuk bo'lib emas, balki adolatli raqobat muhitini ta'minlovchi vosita bo'lib xizmat qilishi lozim.
Adliya vazirligi huzuridagi Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish ta’sirini baholash instituti bu maqsadga erishishda muhim o‘rin tutmoqda. Oldimizda turgan vazifa esa TSTB tizimini yanada mustahkamlash, uni xalqaro standartlarga yaqinlashtirish va tadbirkorlar bilan hamkorlikni yangi sifat darajasiga ko'tarishdan iborat.
Iqtisodiyotning rivoji ko‘p jihatdan qonunchilik muhitining prognozliligi va adolatliligiga bog‘liq. Shu ma’noda, tartibga solish ta'sirini baholash mexanizmi — bu faqat huquqiy texnologiya emas, iqtisodiy taraqqiyotning muhim vositasidir.