Dunyo bo‘ylab sayohat qilish – har bir insonning orzusi. Men ham bolaligimdan tarixiy va maftunkor shahar Turkiyaga sayohat qilishni niyyat qilganman, nihoyat bu orzuyim ushaldi. Dastlab, sayohatimizni oktyabr oyiga rejalashtirib, biletlarni xarid qilgan edik, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra safarimizni noyabr oxiriga kechiktirishga to‘g‘ri keldi. Ushbu sayohatni yanada qulay va maroqli o‘tkazish uchun 9 kunga avtomobil ijaraga olishni rejalashtirdik va Turkiya yo‘llarida erkinlik hissidan bahramand bo‘lishga muvofiq bo’ldik. Bu safar qanday o‘tganini va nimalarga e’tibor berish kerakligini siz bilan bo‘lishmoqchiman.

Maqola tarkibi

1. Sayohat rejasini tuzish

2. Ijaraga moshina olish afzalliklari va kamchiliklari

3. Mehmonxona topish

4. Kunlik ovqatlanish

5. Turkiyaga borgandan so’ng rejalar qanday o’zgaradi

6  Kiyim va buyumlar 

Sayohat rejasini tuzish

Biz sayohatga jo’nashdan oldin Turkiyaning diqqatga sazovor joylari ro’yxatini tuzib oldik.

Istanbul ichidagi joylar

  • Sulaymoniya masjidi
  • Galata minorasi
  • Üssküdar qirg‘og‘idagi Qiz minorasi
  • Ayo Sofiya masjidi
  • Buyuk Chamlija masjidi
  • Sulton Ahmad maydoni
  • Bosfor bo‘g‘ozi
  • Dolmabog‘cha saroyi
  • Bazilika sisternasi (Yerebatan)
  • Belerbeyi saroyi
  • Topkapi saroyi

Istanbul tashqarisidagi joylar

  • Bursa
  • Antalya
  • Alanya

 Bozorlar 

  1. Laleli
  2. Grand
  3. Chorshanbe

Ijaraga Mashina: Afzalliklari va Kamchiliklari

 

Istanbul ayroportiga qo’nganimizdan so‘ng barcha zarur tekshiruvlardan o‘tib, mashina ijaraga olish uchun yo‘l oldik. Aeroport hududida mashina ijaraga beruvchi bir qancha kompaniyalar mavjud bo‘lib, biz ulardan birini tanlab, 9 kun uchun to‘lov qilib, avtomobilni ijaraga oldik va sayohatimizning birinchi kunini boshladik.

Mashina ijaraga olishimizning sabablaridan biri – Turkiyada biror joyga bormoqchi bo‘lsangiz, taksi xizmati sezilarli darajada qimmatga tushishi mumkin. Bundan tashqari, biz birinchi marta kelganligimiz sababli jamoat transporti, ya’ni avtobus va metroda yurish biroz qiyinchilik tug‘dirishi mumkin edi. Mashina ijaraga olishimizning yana bir muhim sababi – Bursa va Antalyaga sayohat qilish rejamiz edi.

Ijaraga olingan avtomobil bizga katta qulaylik yaratdi. Kun davomida o‘zingizni xuddi shaxsiy avtomobilingizda yurgandek his qilasiz va istalgan joyingizga bemalol bora olasiz. Yo‘llarni bilmasligimiz sababli biz Yandex va Google navigatorlaridan foydalanib harakatlandik.

 

Agar siz faqat Istanbul shahrida qolmoqchi bo‘lsangiz, mashina ijaraga olishni tavsiya bermayman, chunki shaharda avtomobilda harakatlanish ancha qiyin. Bu yerda katta tirbandliklar kuzatiladi va avtomobil qo‘yishga joy yetarli emas. Shuningdek, avtoturargoh xizmatlari ham qimmat. Biz ham Istanbul shahrida harakatlanishda ba‘zi qiyinchiliklarga duch keldik. Ammo sayohat qilishni rejalashtirgan joylarimiz uzoq masofada joylashganligi sababli mashina ijaraga olishimiz bizga juda qo‘l keldi.

Mashina ijarasining yana bir afzalligi – istalgan vaqtda, istalgan joyga bora olish imkoniyatidir. Istanbul atrofidagi tog‘lar, o‘rmonlar va boshqa go‘zal joylarni aylanib chiqish uchun mashina eng yaxshi tanlov edi.

 

Bursa shahriga borish uchun biz dengizni kesib o‘tishimiz kerak bo‘ldi. Bu yo‘l yaqinroq bo‘lishi bilan birga ochiq dengizni kuzatish imkoniyatini ham berdi. Dengizni kesib o‘tish uchun maxsus kemalar mavjud. Bu yo‘nalishda harakat qilish  juda zavqli va maroqli edi. Kema orqali biz avval Yalova viloyatiga bordik chunki to’g’ridan- to’g’ri Bursaga boradigan biletlar tugab qolgan ekan biz biroz kech qolibmiz. Biletlarni 2 yoki 3 kun oldin xarit qilgan yaxshiroq bo’ladi, ammo Yalovaga borishimiz ajoyib bo’ldi. U yerning tabiati va go‘zalligini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. Har bir sayyohatchi albatta Yalovani ko‘rishi kerak, deb o‘ylayman.

Yalova va Bursa haqida batafsil ma’lumotlarni keyingi maqolalarimda yoritilgan.

 Mehmonxona topish

 

 

Mehmonxona topish biz uchun biroz qiyin bo‘ldi, chunki oldindan bron qilmagandik. Rejamiz manzilga yetib borganimizdan so‘ng yaqin mehmonxonalardan birini tanlash edi. Turkiyada mehmonxonalar har qadamda uchraydi, ammo ba‘zan sifat va narx mos kelmasligi mumkin. Keyingi safar bunday muammolarga duch kelmaslik uchun oldindan mehmonxona bron qilishni tavsiya qilaman. Buni maxsus mobil ilovalar yordamida amalga oshirishingiz mumkin.

Kunlik ovqatlanish

Turkiya taomlari ko‘pchilikni o‘ziga jalb qiladi. Mehmonxonalarda odatda ertalabgi nonushta xizmatlari taqdim etiladi. Biroq tushlik va kechki ovqatni tashqaridagi kafe yoki restoranlarda o‘zingiz tanlab, alohida to‘lashga to‘g‘ri keladi. Turkiyada har xil ovqatlarni uchratish mumkin, lekin menga eng ko‘p yoqqan taom – Iskandar kabob bo‘ldi. Turklarda bu taom juda mashhur va ko‘pchilikning sevimlisiga aylangan.

 

Turmush o’rtog’imga esa yoqqan taom – Balik ekmek (oʻzbek tilida "baliqli non"). Ayniqsa, dengiz bo‘yiga borib, yangi tutilgan baliqdan tayyorlangan balik ekmekni tatib ko‘rish ajoyib bir tajriba bo‘ldi. Bundan tashqari, tovuqli, baliqli va sabzavotli boshqa ko‘plab ovqatlar ham bor. Turkiya taomlarining o‘ziga xos xususiyati – har bir taomning yonida zaytun va limonning mavjudligi.

 

 

Turk choylari ham e’tiborga loyiq. Choyni achchiqroq damlashadi, shuning uchun yoniga doim shakar qo‘shib berishadi. Bu choyning o‘ziga xos ta’mini yanada oshiradi.

Taomlar narxlari (joyiga qarab o‘rtacha):

  • Iskandar kabob: 250 TL - 450 TL
  • Balik ekmek: 150 TL - 350 TL
  • Guruch, tovuq va qo‘shimchalar bilan: 200 TL - 450 TL
  • Sho‘rva: 150 TL - 200 TL (Sho‘rvalar suyuq pyurega o‘xshash)
  • Kabob (shashlik): 1 six 150 TL - 300 TL

Turkiya taomlari juda mazali va to‘yimli. Mevalarning narxi esa bizning bozor narxlaridan unchalik farq qilmaydi. Olma, nok va shaftolining narxi biroz yuqoriroq bo‘lsa-da, iste’mol qilishga arziydi.

 

Turklar shirinlik va desertlarni juda yaxshi ko‘rishadi. Ularning shirinliklari ham bizga juda yoqdi. Turkiya taomlari nafaqat mazasi, balki sifati bilan ham sayohatchilarni xursand qiladi!

Turkiyaga borgandan so’ng rejalar qanday o’zgaradi

Turkiyaga safar qilish rejalari avvaldan puxta o‘ylangan bo‘lsa ham, amalda vaziyat biroz boshqacha kechishi mumkin. Bizning tajribamizda ham shunday bo‘ldi. Birinchi kunimiz asosan mashina sotib olish, mehmonxona topish va yangi joyga moslashish bilan o‘tdi. Keyingi kun esa ob-havo kutilmaganda yomonlashib, erta tongdan yomg‘ir va uning ketidan qor yog‘a boshladi. Bunday sharoitda ko‘chaga chiqish ancha qiyin edi. Shu bois ochiq joylarga chiqish o‘rniga yopiq binolarni aylanib chiqishga qaror qildik. Istanbulda turli savdo markazlari va "mall"lar ko‘p bo‘lgani uchun ushbu kunni torgoviy markazlarni o‘rganishga bag‘ishladik. O‘sha ikki kun ichida savdo markazlarida bo‘lib, Turkiyaning zamonaviy infratuzilmasini ko‘rdik.

 

Ob-havo biroz yaxshilanganidan so‘ng, rejalashtirgan joylarga safar qilishga muvaffaq bo‘ldik. Biz rejamizdagi barcha diqqatga sazovor joylarni ziyorat qildik, faqatgina Antalya va Alanyaga borishga vaqtimiz yetmadi. Chunki u yerlarga safar kamida uch kunni talab qiladi, biz esa bu safar cheklangan vaqtga ega edik.

Shunga qaramay, Istanbul atrofida joylashgan tabiiy go‘zalliklarga boy tog‘lar va o‘rmonlarni ziyorat qilishga ulgurduk. Bursa va Yalovadagi ajoyib manzaralar bizga unutilmas taassurotlar qoldirdi. Tog‘larning musaffo havosi, o‘rmonlarning jozibasi va tinchlik baxsh etuvchi manzaralari bizni sehrlab qo‘ydi. Ushbu damlar xotiralarimizda umrbod saqlanib qoladi, chunki bu joylarning tabiiy go‘zalligini so‘z bilan ifodalash juda qiyin. Bu safar hayotimizdagi eng unutilmas lahzalardan biri bo‘lib qoldi.

Kiyim va buyumlar 

Laleli bozori juda gavjum va turli xil do‘konlarga boy edi. Ammo bu bozor asosan savdogarlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, mahsulotlar faqat ulgurji sotiladi. Bir dona mahsulot sotib olishning iloji bo‘lmagani sababli, bu bozorga ko‘p vaqt sarflamaslikka qaror qildik va tezda tark etdik.

Grand Bazaar (Katta Bozor) esa asosan tilla buyumlar va taqinchoqlar savdosi bilan mashhur. Bu yerda 100 dan ortiq tilla do‘konlari bor. Bundan tashqari, bozor Turkiya shirinliklari, ziravorlar, kiyim-kechaklar bilan ham tanilgan. Shaxsiy ehtiyojlarimiz va oila a’zolarimiz uchun kiyim xarid qilish maqsadida savdo markazlariga yo‘l oldik. Agar siz ham sifatli va brend mahsulotlar xarid qilishni xohlasangiz, quyidagi joylarni tavsiya qilamiz:

 

  1. Mall of Istanbul – bu savdo markazi Turkiyaning eng yiriklari qatoriga kiradi. Bu yerda 350 dan ortiq do‘konlar mavjud bo‘lib, turli xil assortiment va barcha mashhur brend mahsulotlarini topishingiz mumkin. Narxlari ham xamyonbop.
  2. Hilltown savdo markazi – bu markazda ham deyarli barcha mashhur brendlarni topish mumkin. Sifatli va zamonaviy mahsulotlar xaridi uchun juda qulay joy.

Turkiya bozorlariga tashrif biz uchun qiziqarli tajriba bo‘ldi. Xarid qilishni rejalashtirganingizda, ushbu tavsiyalar sizga foydali bo‘lishi mumkin. 

Sayohatimiz xarajatlari

  • Samolyot chiptalari (2 kishi): 12 687 744 UZS
  • Samolyot chiptalari kechiktirish jarimasi: 1 972 720 UZS
  • Mashina ijarasi (9 kun): 4 080 000 UZS
  • Mehmonxona (8 kun): 9 600 000 UZS
  • Benzin: 1 200 000 UZS
  • Ovqatlanish (9 kun): 3 645 000 UZS
  • Galata minorasi chiptalari (2 kishi): 830 000 UZS
  • Bazilika sisternasi (Yerebatan) chiptalari: 1 260 000 UZS
  • Topkapi saroyi chiptalari (2 kishi): 855 000 UZS
  • Zoopark va yana qo’shimcha biletlar: 1 260 000 UZS
  • Sayohatning umumiy xarajatlari (qo'shimcha xarajatlarsiz): 37 990 464 so’m

Bu summadan tashqari yaqinlarga sovg’a va oilamiz uchun kiyimlar va buyumlar oldik. Har bir oila o’z ehtiyojidan kelib har xil xarajat qiladi shu uchun bu summani yozib qo’ymadim.