Bugungi globallashuv davrida inson huquqlarini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda. Ayniqsa, bolalar huquqlarining himoyasi – har qanday jamiyatning ma’naviy darajasini ko‘rsatuvchi asosiy mezonlardan biridir. Zero, bola – har bir oilaning iftixori, har bir millatning ertangi kuni demakdir.

Bolalar huquqlari nima?

Bolalar huquqlari – bu bolalarning hayoti, sog‘lig‘i, ta’limi, himoyasi va ijtimoiy farovonligini ta’minlovchi huquqiy normalar majmuasidir. BMT tomonidan 1989-yilda qabul qilingan "Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya" ushbu huquqlarning asosiy xalqaro hujjati hisoblanadi. Unda har bir bolaning quyidagi asosiy huquqlari belgilab qo‘yilgan:

1. Hayot va rivojlanish huquqi

2. Ism va fuqarolik huquqi

3. Oilaviy muhabbat va parvarish huquqi

4. Ta’lim olish huquqi

5. Zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqi

6. O‘z fikrini erkin ifoda etish huquqi

O‘zbekiston va bola huquqlari

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, bolalar huquqlarini himoya qilish borasida qator huquqiy hujjatlarni qabul qildi. Xususan, “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun, Oila kodeksi, Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, shuningdek, BMT Konvensiyasiga qo‘shilishi – bu boradagi yirik qadamlardir.

Shuningdek, “Mehribonlik uylari”, “Muruvvat uylari”, va boshqa ijtimoiy himoya tizimlari orqali ota-onasiz bolalarga g‘amxo‘rlik qilinmoqda.

Bolalar huquqlarini buzilish holatlari

Afsuski, ayrim hollarda bolalar huquqlari buzilishi holatlari ham uchrab turadi. Ular qatoriga:

Bolalarni mehnatga majburlash,

Ularni ta’limdan mahrum qilish,

Jismoniy yoki ruhiy zo‘ravonliklar,

Bola savdosi yoki zo‘ravon kontentga jalb etish kiradi.

Bunday holatlarga qarshi kurashish uchun davlat organlari, nodavlat tashkilotlar, ota-onalar va butun jamiyat hamjihatlikda harakat qilishi zarur.

Bola huquqlarini ta’minlash – nafaqat huquqiy majburiyat, balki axloqiy burchdir. Har bir bola erkin, sog‘lom va baxtli yashash huquqiga ega. Ularning bugungi hayoti – bizning ertangi kelajagimizdir. Shu bois, har bir fuqaro bolalarning huquqlariga hurmat bilan qarashi, ularni himoya qilishi zarur.