foto medela.ru

Sog‘lom ovqatlanish — sog‘lom ona va sog‘lom bola garovi

Sog‘lom va muvozanatli ovqatlanish har bir inson hayotida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa bu narsa yangi ona bo‘lgan ayollar uchun juda zarur. Chunki tug‘ruqdan so‘ng va emizish davrida ayol organizmi qo‘shimcha oziq moddalarga muhtoj bo‘ladi. To‘g‘ri tanlangan ovqatlanish nafaqat onaning sog‘lig‘ini mustahkamlaydi, balki chaqaloqqa kerakli vitamin va minerallarni ham yetkazib beradi. Shuningdek, sog‘lom parhez onaning sut miqdori va sifatini saqlashga yordam beradi. Keling, endi emizikli ona nimalarni iste’mol qilishi, nimalardan voz kechishi kerakligini batafsil ko‘rib chiqamiz

Emizikli ona ovqatlanishining asosiy tamoyillari

Ko‘pchilik ayollar tug‘ruqxonadayoq “endi nimalarni yeyish mumkin?”, “qaysi ovqatlar bolamda allergiya yoki ich og‘rig‘ini keltirib chiqarmaydi?” degan savollarga javob izlaydi. Mutaxassislar quyidagi tavsiyalarni beradi:

  • Ratsion xilma-xil va to‘yimli bo‘lishi kerak.
  • Vitaminlar va minerallar yetarli miqdorda bo‘lishi zarur.
  • Kamkaloriyali dietalardan voz kechish kerak — energiya, oqsil, yog‘ va uglevodlar muvozanatda bo‘lishi lozim.
  • Allergiyani keltirib chiqaruvchi mahsulotlardan me’yorida cheklanish maqsadga muvofiqdir.

Muhim!
Emizikli ayol “ikki kishilik ovqatlanish” shart emas. Ortiqcha kaloriya onaning o‘zi uchun zararli bo‘lib, semirishga olib keladi.

Ona suti tarkibiga ta’sir etuvchi oziq moddalarning ahamiyati

Ona iste’mol qilayotgan taomlar suti tarkibiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois, parhez balansli bo‘lishi lozim. Masalan, omega-3 yog‘ kislotalari yetishmasa, bola allergiyaga moyil bo‘lishi mumkin. Aksincha, sut mahsulotlarini me’yordan ortiq iste’mol qilish esa chaqaloqda sigir suti oqsiliga allergiya chaqiradi. Emizish davrida ovqatlanish homiladorlik paytidagi dietaga o‘xshash bo‘lishi mumkin, faqat dastlabki haftalarda hazmni yengillashtiruvchi, yengil taomlar tavsiya etiladi

Emizikli onalar uchun tavsiya etilgan mahsulotlar

Mahsulot turiTavsiya etilgan oziq-ovqatlar
Go‘sht va baliqYog‘siz mol, tovuq, kurka,  go‘shti; oq va qizil baliq navlari.
Sut mahsulotlari2,5–3% yog‘li sut, yogurt, kefir, tvorog (5–9%), qatiq, pishloqning yumshoq navlari.
Yog‘larSariyog‘, o‘simlik yog‘lari (zaytun, kungaboqar, makkajo‘xori).
SabzavotlarSabzi, bodring, kabachki, qovoq, karam, bulg‘or qalampiri.
Mevalar va rezavorlarOlma, nok, banan, shaftoli, anor, uzum, xurmo, gilos, quritilgan mevalar.
TuxumQaynatilgan yoki omlet shaklida.
Non mahsulotlariKo‘p donli yoki kepakli non.
IchimliklarChoy, kompot, tabiiy sharbatlar.
ShirinliklarMe’yorda pishiriqlar, yog‘ va shakar kam bo‘lgan desertlar.

Tug‘ruqdan keyingi dastlabki haftalarda parhez

Dastlabki haftalarda chaqaloqning ovqat hazm qilish tizimi juda nozik bo‘ladi. Shu bois onaning ovqati ham yengil va allergiya chaqirmaydigan bo‘lishi kerak.

Bu davrda quyidagilardan voz kechgan ma’qul:

  • Yangi siqilgan sharbatlar,
  • Yangi rezavorlar,
  • Yong‘oqlar,
  • Qovurilgan taomlar
  • Dukkaklilar (no‘xat, loviya va boshqalar).

Ovqatni bug‘da yoki qaynatib pishirish tavsiya etiladi. Bola organizmi yangi taomlarga o‘rgangan sari ona menyusi ham asta-sekin kengaytiriladi.

Birinchi 6 oyda ovqatlanish

Bola hayotining dastlabki yarmi davomida asosiy oziq — bu ona suti. Shu sababli onaning parhezi to‘yimli, ammo me’yorda bo‘lishi kerak. Ratsion xilma-xillikka asoslanadi, ammo yangi mahsulotlar asta-sekin kiritiladi.

6 oydan keyingi davr

Bola qo‘shimcha ovqatlar yeyishni boshlaganidan so‘ng, onaning suti asosiy, lekin yagona oziq bo‘lmay qoladi. Shu bois onaning energiyaga bo‘lgan talabi bir oz kamayadi, lekin baribir oddiy ayollarnikidan yuqoriroq darajada qoladi.

Nimalardan saqlanish kerak

Ba’zi mahsulotlar chaqaloqda allergiya yoki noxush holat keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois quyidagilarni cheklang yoki butunlay voz keching:

  • Fast-fud (tez tayyor taomlar);
  • Konserva mahsulotlari;
  • Qovurilgan, yog‘li taomlar;
  • Tayyor souslar, mayonez;
  • Gazli ichimliklar, alkogol;
  • Dudlangan mahsulotlar (go‘sht, baliq, kolbasa);
  • Xom yoki yaxshi pishmagan go‘sht, tuxum.

Emizikli ona uchun ovqatlanish tartibi

Ovqatlanish 5–6 marta bo‘lishi kerak:
3 mahal asosiy (nonushta, tushlik, kechki ovqat)

  • 2–3 marta sog‘lom yengil tamaddi (meva, yogurt, tvorog, yong‘oq me’yorda).

Allergiya xavfini kamaytirish

Eng ko‘p uchraydigan allergen — sut mahsulotlari. Bola terisida toshma, ich ketishi, qayt qilish yoki sanchiq paydo bo‘lsa, darhol shubhali mahsulotni iste’moldan to‘xtating va shifokorga murojaat qiling.

Emizish davrida ozish mumkinmi?

Ortiqcha vazn haqida tashvishlanishning hojati yo‘q. Bola parvarishi, yurishlar va to‘g‘ri ovqatlanish o‘ziyoq ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga yordam beradi. Ammo qattiq parhez yoki “och qolish” qat’iyan man etiladi.

Noto‘g‘ri qarashlar

  1. “Emizikli ona faqat cheklangan dietada bo‘lishi kerak.”
    — Aksincha, xilma-xil ovqat bolada sog‘lom ta’m hissini shakllantiradi.
  2. “Ko‘p sut ichsa, ko‘p sut chiqadi.”
    — Sut miqdori ichilgan suyuqlikka bog‘liq emas. Muhimi — muntazam emizish va muvozanatli ovqatlanish.
  3. “Ko‘proq suv ichish kerak.”
    — Suyuqlikni chanqagan paytda, tanangiz ehtiyoj sezgan miqdorda ichish kifoya.

    Ko'p uchraydigan savol: Emizikli ona qaysi meva va sabzavotlarni yeyishi mumkin?
    Javob: Oddiy, tabiiy, o‘zimizga tanish meva va sabzavotlarni iste’mol qilish mumkin. Egzotik mahsulotlarni esa ehtiyotlik bilan, oz miqdorda sinab ko‘rgan yaxshi. Banan, apelsin, mandarin, kivi, mango — barchasi me’yorda yeyilsa foydali.