O‘zbekning so'zi qiziq
Tilshunoslikda frazeologizmlar (iboralar) termini mavjud. Frazema - bu ikki yoki undan ortiq so‘zdan tashkil topgan, yaxlit holda ishlatiladigan, ma’noviy jihatdan o‘zaro bog‘langan til birligidir. Masalan:
Do‘ppisi yarimta, og‘ziga talqon solgan, qovun tushirmoq.
Iboralarning paydo bo‘lishi xalqning madaniyati, yashash tarzi, geografik joylashuvi kabi omillarga bog‘liq.
Kelib chiqish tarixi qiziqarli bo‘lgan ba’zi o‘zbekcha iboralar bilan tanishib chiqamiz.
Kavushini to‘g‘rilab qo‘ymoq
Kavushini to‘g‘rilab qo‘ymoq iborasi haydab yuborish, quvib solish ma’nolarida ishlatiladi.
O‘tmishda ayrim hududlarda sovchilikka kelganlarning kovushi darvoza tomonga to‘g‘rilab qo‘yilgan. Bu sovchilarga rad javobi yetkazishning antiqa usuli edi.
Ushbu odat hozirda uchramaydi.
Go‘riga o‘t qalamoq
Birovning orqasidan yomon so‘zlar aytmoq, haqorat qilmoq ma’nosida go‘riga g‘isht qalamoq iborasi qo‘llaniladi.
Mil. av. I asr va milodning IV asrlari oralig‘ida Markaziy Osiyo aholisining asosiy dini buddaviylik bo‘lgan.
Buddaviylikda o‘lgan insonni olovda yoqish odati mavjud. Bu ish marhumning eng yaqin qarindoshlari tomonidan amalga oshirilgan.
Yuqoridagi iboraning yuzaga kelishiga shu omil sabab bo‘lganligi taxmin qilinadi.
Islom dinining kirib kelishi bilan o‘likni yoqish taqiqlangan. "Go‘riga o't qalamoq" iborasi esa saqlanib, ko‘chma ma’noda ishlatilib kelinmoqda. Kimnidir orqavoratdan qarg‘ash ma’nosida "Go‘riga g‘isht qalamoq" iborasi ham ishlatiladi.
Ko‘zi olma-kesak teradi
Yosh bolalar daraxtda meva ko‘rib qolishsa jim o‘tib ketisha olmaydi. Darrov yerdan daraxtga otgulik kesak yoki boshqa nimadir qidirishadi. Ko‘zi olma-kesak teradi iborasi shundan kelib chiqqan.
Ko‘chma ma’noda salbiy bo‘lib, ko‘zi olma-kesak teradi deganda behayo, sharmsiz kabi ma’nolar ifodalanadi. Iborada ramziylik mavjud bo‘lib, olma so‘zi qiz-juvonlarni anglatadi.
Onasini Uchqo'rg'ondan ko'rsatmoq
Bu ibora do'q qilishni, qo'rqitishni ifodalaydi.
Onasini Uchqo'rg'ondan ko'rsatmoq iborasining kelib chiqishi haqida Said Ahmadning "Ufq" romanida quyidagi ma'lumotlar keltirilgan: Farg'onadagi Norin daryosi Ketmontepa nomli qishloqdan to Uchqo'rg'ongacha juda tez oqadi. Ketmontepada bir kampir Noringa tushib ketgan ekan. Bolalari uni daryo bo'yida qidirib yurishsa, bir chol "Onangni endi Uchqo'rg'onda ko'rasan" deydi.
Boshqa xalqlarda ham yuqoridagi kabi iboralar mavjud. Qaysidir tilni o'rganayotgan bo'lsangiz, undagi iboralarni ham lug'atingizga qo'shing.