Sabr ortidan kelgan baxtli hayot (Hayotiy hikoya – 1-qism)

14 yil oldin men ham boshqa qizlar kabi katta orzular bilan turmushga chiqqan edim. Har bir qiz kabi men ham yangi hayotim qanday bo‘lishini tasavvur qilardim: mehr, quvonch, baxt va iliq oila. Turmush qurganimdan keyin ota onamdan uzoqda, boshqa shaharga keldim. Qishloqda ulg‘aygan sodda qiz uchun shahar hayotiga moslashish oson emas ekan. Boshida hammasi chiroyli va yangi tuyulardi. Yangi uy, yangi oila, yangi hayot...
Qaynona-qaynotam bilan atigi bir hafta yashadim. Keyin esa uyimiz bitib, ta’miri tugaguncha ikki yilcha ijarada yashadik. O‘sha paytda men hech qayerda ishlamasdim, faqat turmush o‘rtog‘im ishlardilar. Men esa uy ishlarini qilib, ularni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilardim. Hayot oson emas edi. Lekin men sabr qilishni tanladim. Turmush o‘rtog‘im qiynalgan paytlarida yonlarida turishga harakat qildim. O‘sha yillarda qaynim o‘qishga kirib, o‘qishni tugatguncha biz bilan birga yashadi. Bir xonali kvartirada uch kishi yashardik. Sharoit oddiy edi, lekin men buni ham hayotning bir bosqichi deb qabul qilardim.
Oradan ko‘p o‘tmay, birinchi farzandim dunyoga keldi. Onalik baxti hayotimni butunlay o‘zgartirdi. Endi mening butun e’tiborim farzandimning tarbiyasiga qaratildi. Ota-onamdan uzoqda yashash esa eng og‘ir sinovlardan biri edi. Ularni ba’zan yarim yilda, ba’zan bir yilda bir marta ko‘rardim. Shunda ham borishim oson emas edi. Qishloqqa borganimda avvalo erimning ota-onasining uyida qolardim. U yerda uy ishlari, xizmatlar... vaqt tez o‘tib ketardi. Onamnikiga esa atigi bir kun yoki ikki kun vaqt ajratilar edi.
Aslida men ish qilishdan qochadigan qiz emasman. Qishloqda ulg‘ayganman, mehnat nima ekanini yaxshi bilaman. Lekin baribir onani sog‘inish boshqa narsa ekan. Onam meni ko‘rishni juda kutardi. Men esa yosh bola bilan uzoq yo‘l bosib, charchab borsam ham buni hech kim sezmasdi.
Ba’zan ichimda bir savol tug‘ilardi:
“Nega kelin faqat xizmat qilish uchun kerakdek tuyuladi?”
Onamnikiga borganimda esa hammasi boshqacha bo‘lardi.
Onam meni ko‘rishi bilan:
— Qizim, o‘tir, dam ol, — derdi.
U meni hech qachon ishlatmasdi. Go‘yo hali ham kichkina qizidek erkalardi. Lekin u yerda ham uzoq qololmasdim. Bir kun o‘tmay yana yo‘lga chiqishim kerak bo‘lardi. Opam yoki singlimnikiga borishga esa ko‘pincha vaqt ham yetmasdi. Shu paytlarda ichimda nimadir asta-sekin o‘zgarib borardi. Avvallari sodda, hammani rozi qilishga harakat qiladigan qiz edim. Vaqt o‘tib esa asta-sekin o‘zimni qadrlashni o‘rgana boshladim. Turmush o‘rtog‘im oilani moddiy tomondan ta’minlardilar. Bu uchun ularga doim minnatdor bo‘lganman. Lekin ba’zan ular meni to‘liq tushunmayotgandek tuyulardi.
Masalan, qo‘shnilar yoki dugonalar bilan bemalol yurishga ko‘p ham ruxsat bermasdilar. Shu sababli ko‘p vaqtim uy va farzandlar bilan o‘tardi.
Ammo ular meni o‘zlari aylantirishni yaxshi ko‘rardilar. Balki bu ham o‘zlaricha g‘amxo‘rlik edi.
Shunday qilib yillar o‘tdi.
Oradan vaqt o‘tib yana farzandli bo‘ldim. Endi ikki bola bilan yo‘l yurish yanada qiyinlashdi. Ayniqsa yozning chillasida qishloqqa borish, bolalarni ko‘tarib, uzoq yo‘l bosish juda mashaqqatli edi. Ba’zan charchoqdan yoki ichimdagi sog‘inchdan ko‘nglim xo‘rlanib ketardi. Lekin bu tuyg‘ularni ko‘p hollarda ichimda saqlardim. Chunki oila tinchligi hamma narsadan muhim edi. Turmush o‘rtog‘im bilan esa oilaviy muammolarni imkon qadar o‘zimiz hal qilishga harakat qilardik. Bolalarimizga esa bu tashvishlarni sezdirishni istamasdik.
Shunday qilib yillar asta-sekin o‘tib borardi…
Lekin o‘sha paytda men hali bilmasdim:
haqiqiy o‘zgarishlar, o‘zimni ayol va baxtli oila egasi sifatida his qilishim uchun yana ko‘p yillar kerak bo‘lishini.
Davomi bor…