Foto chatGPT

2-qism

Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar o‘tdi. Vaqt esa sezdirmay yillarni ham ortda qoldirib borardi. Katta farzandim maktabga chiqdi, kichik farzandim esa bog‘chaga qatnay boshladi. Kichkinam juda injiq, mehrga chanqoq bola edi. Kun bo‘yi uning ortidan yugurib, kechga borib holdan toyib qolardim. Shu paytlarda o‘zim ham asta-sekin o‘zgarib borayotganimni sezardim. Ozib ketgan, tez charchaydigan, ba’zan esa sabrsizroq bo‘lib qolgan ayolga aylanib borayotgan edim. Keyin tushundimki, mening bitta kamchiligim bor ekan.

Men ko‘nglimga tekkan gaplarni ochiq aytish o‘rniga ichimga yutardim. Ba’zan kamsitilgandek tuyulgan holatlar ham, mayda tortishuvlar ham ichimda qolib ketardi.

O‘ylardimki, agar hamma narsaga indamay rozi bo‘lsam, hamma meni yaxshi ko‘radi. Agar har bir gapga “xo‘p” desam, meni qadrlashadi. Shuning uchun ko‘p hollarda:

— Ha, sizlar haq. Men noto‘g‘ri qilganman, — deb o‘zimni aybdor qilib qo‘yardim. Aslida esa inson hamma narsani ichiga yutib yashasa, bu asta-sekin qalbini charchatib borarkan. To‘g‘ri, bu katta muammolar emas edi. Hayotdagi oddiy tushunmovchiliklar, ba’zan turmush o‘rtog‘im bilan kichik tortishuvlar bo‘lib turardi. Lekin ular aslida yaxshi inson. Ko‘p o‘tmay gaplar yumshab, yana yarashib ketardik. Turmush o‘rtog‘im oilani moddiy tomondan ta’minlash uchun juda ko‘p mehnat qilardilar. Hech qachon pulni mendan qizg‘anmasdilar. Ammo o‘sha paytda men yana bir xatoni qilayotgan ekanman. Men hamma narsada ortiqcha tejamkorlik qilishni o‘zimcha to‘g‘ri yo‘l deb o‘ylardim. “Shu bilan erimga yordam bo‘ladi”, derdim. Keyinroq tushundimki, ayol kishi o‘zini ham qadrlashi kerak ekan. O‘ziga e’tibor berib, sog‘lig‘i va kayfiyatini asrab yashasa, oila ham yanada mustahkam va baxtli bo‘lar ekan. Bolalarimning tarbiyasi, maktabi, kurslari — barchasi bilan asosan o‘zim shug‘ullanardim. Turmush o‘rtog‘im juda band inson bo‘lganlari uchun ko‘p vaqtlarini ishga bag‘ishlardilar. Men esa uy, bolalar va yaqinlarim o‘rtasida yugurib yurardim. Shu paytlarda yana bir narsani sezdim: men asta-sekin o‘z yaqinlarimdan uzoqlashib borayotgan edim. Qarindoshlarimni ko‘rishga ko‘p ham vaqt topa olmasdim. Qaynona-qaynotam esa tez-tez kelib turardilar. Men uyda bo‘lganim uchun qaynonamni shifokorga olib borish, bozorga chiqish, kerakli ishlarini hal qilish kabi mas’uliyatlar ko‘pincha mening zimamda edi. Qo‘limdan kelgan barcha yordamni qilishga harakat qilardim. Har kelganlarida ularga g‘amxo‘rlik qilardim: kiyim-kechaklar olib berardim, ba’zan kiyim tikib berardim, sochlarini bo‘yashga yordam berardim, o‘zlariga qarashlariga ko‘maklashardim. Men buni hech qachon majburiyat deb o‘ylamaganman. Buni oilaga hurmat deb bilganman. Lekin ba’zan inson qilgan yaxshiligi sezilmay qolsa, qalbining bir chekkasi baribir xafa bo‘lib qolarkan.nBa’zan ichimdan shunday o‘y o‘tardi:

Men hatto o‘z onamga ham bunchalik vaqt ajrata olmayapman…”

Chunki ko‘p ishlar orasida onamni ko‘rish ham qiyinlashib borardi. Aslida men bu g‘amxo‘rliklarning yana bir sababini ham o‘zimga tan olgan edim. Ichimda shunday umid bor edi:

“Shuncha g‘amxo‘rlik qilyapti, u ham inson ota onasini tez tez koʻrishga haqqi bor bemalol borib kelaversin”, deb aytishar, deb o‘ylardim. Ammo hayot har doim ham inson kutgandek bo‘lavermas ekan. Men qishliqda oʻz qizlik uyimga borganimda koʻp oʻtmay ko‘pincha turmush o‘rtog‘im qo‘ng‘iroq qilib:

Tezroq uyga qayt, onamnikiga borib xizmatlarini qil, — derdilar.

Men esa ikki bola bilan shoshilib yo‘lga tushardim. Ba’zan yo‘lda ko‘zimga yosh kelardi. Ammo uyga yetib borguncha ko‘z yoshlarimni artib tashlardim. Chunki men oilamga ichimdagi alamni ko‘rsatishni istamasdim. Turmush o‘rtog‘im esa bu hislarimni sezmasdilar. Chunki men hech qachon ochiq aytmagan edim. Shunday qilib yillar yana o‘tib bordi. Ammo vaqt o‘tgan sayin biz ham o‘zgarib borardik. Sekin-asta bir-birimizni tushunishni o‘rgandik. Bir-birimizning sabrimizni, mehnatimizni ko‘ra boshladik. Va nihoyat men oilamiz ichida asta-sekin hurmat qozona boshladim. Lekin bu hurmat birdan kelmagan edi.

Buning ortida yillar davomida yig‘ilgan sabr, mehnat va sukut bor edi. Va men hali o‘sha paytda ham bilmasdim…

Sabr ortidan keladigan haqiqiy baxt hali oldinda ekanini.

Davomi bor…