Yoshlar yuridik forumi: Global huquqiy muloqotning innovatsion platformasi sifatida
2025-yil 30–31-may kunlari Toshkent davlat yuridik universiteti O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan boshchiligida birinchi xalqaro yoshlar yuridik forumini muvaffaqiyatli tashkil etdi. Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi kafedrasi o‘qituvchisi sifatida ushbu xalqaro ilmiy-amaliy tadbirda ishtirok etish va turli davlatlardan tashrif buyurgan yuridik sohaga ixtisoslashgan talabalar, yosh olimlar hamda amaliyotchilarning huquq va adolatning dolzarb masalalari yuzasidan olib borgan mazmunli ilmiy muloqotlariga bevosita guvoh bo‘lish men uchun katta sharaf bo‘ldi.

Mazkur Forum global va milliy huquqiy muammolarni tahlil qilish, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyat va ongni shakllantirish, shuningdek, huquqiy fikrlash, dalillash, tanqidiy tahlil va nutq madaniyati ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-akademik hamda madaniyatlararo muloqot uchun o‘ziga xos maydon bo‘lib xizmat qildi.
Forumning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Toshqulov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b Islombek Rustambekov hamda Saarland universiteti professori Mark Burgenberg tomonidan bildirgan nutqlar Forumda ilgari surilgan konseptual g‘oyalarning ilmiy asosda muhokama qilinishiga mustahkam zamin yaratdi.

Forum doirasida o‘tkazilgan ilmiy sessiyalar va ma’ruzalar alohida ahamiyat kasb etdi. Jumladan, AQShning Mayami universiteti professori Mishel DeStefano hamda Kanadalik yuridik ekspert Mitchell Kowalski tomonidan huquqiy innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, muqobil nizolarni hal etish usullari, inson huquqlari va barqaror rivojlanish kabi yo‘nalishlardagi global tendensiyalar yuzasidan chuqur tahliliy ma’ruzalar taqdim etildi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan Huquqiy bahslar chempionati hamda Xalqaro nizolarni hal etish tanlovi akademik raqobat va hamkorlik ruhida o‘tib, ishtirokchilarning advokatsiya, muzokara olib borish va huquqiy tahlil ko‘nikmalarini namoyon etishga xizmat qildi.
Forum doirasida o‘tkazilgan yuridik klinika faoliyatiga bag‘ishlangan amaliy seminarlar nazariy bilimlarning yuridik amaliyot bilan integratsiyasini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qildi. Shu bilan birga, forum dasturidan madaniyatlararo almashinuvga oid tadbirlar ham o‘rin oldi: “Xalqlar festivali”, shahar ekskursiyalari hamda O‘zbekiston milliy hunarmandchiligi yarmarkalari xorijlik ishtirokchilarda chuqur taassurot qoldirdi.
Forumning rasmiy yakuniy marosimi – “Xalqaro yoshlar forumi: yangi ufqlarga parvoz” nomli havo shari uchirish tantanasi, sovrinlar taqdirlash marosimi va madaniy dastur bilan bezatildi. Ushbu tadbir nafaqat Forumning yakuni, balki huquq, yoshlar va global birdamlik bayramiga aylandi.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, Birinchi Xalqaro Yoshlar Yuridik Forumi Toshkent davlat yuridik universitetining xalqaro yuridik ta’lim va ilmiy hamkorlikdagi rolini mustahkamlab, kelajak yuridik yetakchilari o‘rtasida barqaror muloqot va tajriba almashinuvining mustahkam poydevorini yaratdi.