Reja

1. Yurtim — go‘zalliklar va mo‘jizalar maskani

2. Tabiatning betakror manzaralari

3. Vatanim go‘zalligini asrash — burchim

Kirish 

Har bir inson uchun eng muqaddas, eng aziz joy bu — uning Vatani. Vatan insonni mehr bilan o‘z bag‘rida voyaga yetkazadi, unga ona kabi g‘amxo‘rlik qiladi. Mening Vatanim O‘zbekiston — tabiat go‘zalligi, mehrli odamlari va boy tarixi bilan ajralib turadigan diyor. Yurtimizning har bir viloyati, har bir tumani, hatto kichik bir qishlog‘igacha o‘ziga xos go‘zallikka ega. Shu bois men “Yurtimning har go‘shasi bir mo‘jiza” degan so‘zlarni yuragimdan his qilaman.

Yurtim — go‘zalliklar va mo‘jizalar maskani

O‘zbekiston — dunyodagi eng go‘zal, eng fayzli yurtlardan biri. Uning tabiati, qadimiy tarixi va madaniyati bir-birini go‘zal tarzda to‘ldiradi. Bizning yurtimizda quyoshli osmon, serhosil yerlar, shirin mevalar va tabassumli insonlar yashaydi. Shu bois O‘zbekistonni “go‘zalliklar maskani” deb atash bejiz emas. Yurtimizda joylashgan shahar va qishloqlar har biri alohida bir mo‘jizadir. Masalan, Samarqand — qadimiy tarix va obidalar shahridir. U yerdagi Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi va Go‘ri Amir maqbarasi dunyo bo‘ylab mashhur. Buxoro esa ming yillik tarixni o‘zida saqlagan, qadimiy minoralar va madrasalar shahri. Xiva — go‘yo o‘tmishdan bugunga kelgan tirik muzeydir. Tabiat mo‘jizalarini ko‘rish uchun esa uzoqqa borish shart emas. Yurtimizda tog‘lar, daryolar, cho‘llar, o‘rmonlar bor. Farg‘ona vodiysining yam-yashil dalalari, Surxondaryoning tog‘lari, Qoraqalpog‘istonning keng dashtlari, Zarafshon daryosining oqimi — bularning barchasi O‘zbekiston tabiatining mo‘jizalaridir

Tabiatning betakror manzaralari

Yurtimiz tabiatida har fasl o‘z jozibasi bilan insonni o‘ziga rom etadi. Bahorda tabiat uyg‘onadi, daraxtlar kurtak yozadi, lolaqizg‘aldoqlar ochiladi. Tog‘lar yashil libos kiyadi, qushlar sayraydi, daryo bo‘yida shabada esadi. Bahorning goʻzal koʻrinish odamni quvonchga to‘ldiradi. Yoz faslida esa dalalar to‘ladi, mevalar pishadi. O‘zbekistonning bog‘larida olma, anor, uzum, gilos, shaftoli kabi mevalar etiladi. Issiq quyosh ostida dalalarda mehnat qilayotgan dehqonlar ham tabiat bilan uyg‘unlikda yashaydi. Qishloqlarda bolalar suv sochib o‘ynaydi, daryolar oqadi, hamma yer hayot bilan to‘lib-toshadi. Kuz faslida tabiat oltin libos kiyadi. Daraxt barglari sarg‘ayib, yer sari to‘kiladi. Bu fasl yurakni bir oz sog‘inchga, bir oz tinchlikka chorlaydi. Hosil yig‘im-terimi payti boshlanadi, dalalarda hosilning hidi ufuradi. Qish fasli esa yurtimizni oppoq qor bilan bezaydi. Hamma joy oppoq libosga burkanadi, bolalar qorbo‘ron o‘ynaydi. Har fasl, har manzara — bu tabiatning bizga bergan mo‘jizasi.

Vatanim go‘zalligini asrash — burchim

Har bir inson o‘z yurti tabiatini asrashga mas’uldir. Chunki bu tabiat bizdan keyingi avlodlarga meros bo‘lib qoladi. Daraxtlar, gullar, suvlar, havolar — bularning barchasi inson hayoti uchun zarur. Agar biz tabiatni asramasak, u ham bizdan yuz o‘giradi. Tabiatni asrash — bu katta ishlar emas, kichik harakatlardan boshlanadi. Masalan, chiqindini yerga tashlamaslik, daraxtlarni sindirmaslik, suvni tejab ishlatish — mana shu oddiy amallar ham yurt go‘zalligini saqlaydi. Har bir o‘quvchi, har bir bola o‘z hovlisida bir tup daraxt eksa, bu ham yurtimizga katta foyda keltiradi. Bugun maktablarda ekologiya haqida ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. Biz yoshlar bu tadbirlarda faol bo‘lishimiz, yurtimizni yanada chiroyli qilishga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Chunki bizdan keyingi bolalar ham bu go‘zal yurtni xuddi bizdek sevib yashashsin.

 Xulosa:

O‘zbekiston — bizning faxrimiz, Uning har bir go‘shasi, har bir manzarasi, hatto bir yaprog‘i ham mo‘jizadir. Biz bu mo‘jizalarni asrash, ularga mehr bilan qarashimiz kerak. Chunki “Yurtimning har go‘shasi bir mo‘jiza” degan so‘z — nafaqat chiroyli ibora, balki har bir o‘zbekistonlikning yuragidagi g‘ururdir. Biz shu yurt farzandimiz, demak, uni sevish, qadrlash va asrash bizning eng oliy burchimizdir