Bola nega to`shagiga siyib qo`yadi…???

Siydik ajralib chiqarilishini ham asab sistemasi nazorat qiladi. Shu yerda tungi enurez, ya`ni tunda bola nima uchun siyib qo`yishi haqida ma`lumot berib o`tmoqchi edim. Bunday hollarda odatda, ota onalar faqat urologga murojaat qiladilar. Bolani, avvalam bor, nevropatolog ko`rishi kerak. Tagiga siyib qo`yadigan bolalarning hammasi qotib uxlaydigan bo`lishadi. Tunda uxlab yotgan bolaning qovug`i siydikka to`ladi va buning natijasida qovuqning ichki devorida joylashgan bosimni sezuvchi nerv o`sikchalari qo`zg`aladi. Ushbu retseptorlarda paydo bo`lgan signallar orqa miyada joylashgan tos funksiyalarini nazorat qiluvchi markazga uzatiladi. Bu yerda signallar qayta ishlanib, bosh miyaga uzatiladi. Bosh miyaga signal yetib kelgach, bola uyg`onishi kerak. Chunki qo`shimcha ravishda kelgan har qanday signal bosh miyada qo`zg`alish o`chog`ini hosil qiladi va buning natijasida uxlab yotgan odam uyg`onadi. Masalan qattiq tovush eshitsangiz, biror joyingiz og`rib qolsa, soat jiringlasa yoki yomon tus0h ko`rsangiz uyg`onib ketishni misol qilish mumkin. 

Biroq bola uxlab yotaveradi. Orqa miya esa bosh miyadan javob olmaguncha unga { bolani uyg`ot }, deb signal yuboraveradi. Bosh miya esa shirin uyquda! Buyrak esa siydik ajratib chiqarib,qovuqni to`ldirish bilan ovora. Qovuq siydikka to`lib, yanada kattalashaveradi. Bosimni sezuvchi o`siqchalar esa orqa miyaga tinmay signal yuboraveradi. Orqa miya ham bu signallarni o`sha zahoti tinmay bosh miyaga yetkazaveradi. Endi bu SOS signaliga aylanadi.! Bosh miya esa hamon shirin uyquda. U hech qanday signallani qabul qilmayapti. Hech qancha iloji qolmagan orqa miya qovuq bilan { til biriktirib }, bolani siydirish haqida o`zlari qaror qabul qilishadi. Uxlab yotgan bola to`shakka siyib yuboradi. Qovuq siydikdan bo`shaganligi haqida orqa miyaga yana signal yuboradi. Orqa miya bu signalni yan bosh miyaga jo`natadi. Endi bosh miya signal nafaqat bo`shagan qovuqdan, balki to`shakdagi siydikka bo`kkan terida joylashgan retseptorlardan ham yuboriladi. Ketma-ket kelib turgan signallardan bosh miya uyg`onib ketadi. Biroq endi kech edi! 

Agar enurez yengilroq bo`lsa, bola tagiga siygandan keyin uyg`onib ketadi. Og`irroq kechuvchi enurezlarda bola tagiga siysa ham uxlab yotaveradi. Bola faqat uyquga to`ygach yoki onasidan baqir-chaqiridan uyg`onadi. Xo`sh tagiga siyadigan bolaning qattioq uxlash sababi nimada? Yoki nima uchun ba`zi bolalarda enurez bir necha yillab davom etadi? Bola aslida 2-3 yoshidan keyin tagiga siymasligi kerak. Enurezning sabablari ko`p bo`lib, ularni umumlashtirib oladigan bo`lsak, bosh miya va orqa miya tuzilmalarining funksional jihatdan yaxshi takomillashmaganidir. Tagiga siyib qo`yadigan bolalarda markaziy asab sistemasida qo`zg`alish va tormozlanish jarayonlari juda sust rivojlangan bo`ladi. Bosh miya tominidan signallarning qabul qilinmasligi yoki bu signallarning bosh miyada yetarli darajada qo`zg`alish hosil qila olmaslik sababi ana shunda. Enure bilan kasallangan bolalarning deyarli barchasida nevrasteniya belgilari aniqlanadi., ular o`ta injiq bo`ladi. Aksariyat bolalar esa jismonan nimjon ham bo`lishadi. Ularning ota-onalari ham yoshligida enurezdan aziyat chekkan bo`lishadi. 

Shaxarlik yoki “domda” yashaydigan bolalarda enurez ko`proq uchraydi. Chunki, ular toza havoda kam bo`lishadi, juda ko`p vaqtini televizor va kompyuter ekranlari oldida o`tkazishadi, qo`l telefonlarini ko`p o`ynashadi. Demak, enurezning oldini olishda va hattoki davolashda faol jismoniy harakatlarning o`rni juda katta. Shu yerda muntazam ravishda sport bilan shug`ullanadigan bolalarda enirez umuman uchramasligini aytib o`tmoqchi edim. 

Enurezni davolash kerakmi…??? ba`zida enurezni maxsus davolash talab qilinmaydi. Biroq bolani albatta vrachga ko`rsatish lozim. Agar bolangizda enurezga sabab bo`luvchi jiddiyroq kasallik topilmasa, uni sport to`garaklariga bering. Hatta velosiped haydaydigan yoki yaxshigina fudbol o`ynaydigan bolalarda ham tagiga siyib qo`yish kam kuzatiladi yoki enurez yo`qolib ketadi. Nima uchun? Chunki yugurish va velosiped haydash tos a`zolari faoliyatini bilan bog`liq orqa miyadagi markazlarning qo`zg`aluvchanlik faoliyatini kuchaytiradi va chiniqtiradi.