Chaqaloqlarni to`g`ri parvarish qilish…
Bola parvarishi kerakli narsalar…
Tug`ruqxonada bolani parvarish qilishga oid barcha tadbirlar shifokorlar tomonidan amalga oshiriladi. Uyda hamma zarur narsalarni oldindan tayyorlab qo`yish kerak. Bola yashaydigan xona toza, imkoni boricha yorug` va quruq bo`lishi, tez-tez shamollatib turilishi, ortiqcha narsalar bo`lmasligi lozim. Bolalar karavoti, vannacha, haroratni o`lchaydigan termometr, bolalar purasi, brilliant yashili, stirillangan paxta va bind, oldindan olib qo`yilgan bo`lishi lozim. Xonani har 3 soatda 10-15 daqiqa shamollatib turish lozim.
Chaqaloqni yuvib-tarash:
Har kuni ertalab bolaning badanini sinchiklab ko`zdan kechirish, yuzi va qo`llarini qaynagan suv bilan yuvib turish zarur. Quloq chig`anoqlarini qaynagan suvga paxta ho`llab, quloq teshiklarini esa paxta pilik bilan artiladi. Teri ( bo`yin, chot, tirsak, quloq chig`anoqlari orqasidagi) burmalariga steril vazelin yoki bolalar maxsus yog`i surtiladi. Burni vazelin surtilgan paxta pilik bilan tozalanadi. Qaynatilgan toza suv bilan paxtani ho`llab chaqaloq ko`zini burchagidan burun tomonga qarab har kuni artib turiladi. Boshining sochli qismida qasnoq paydo bo`lsa, vazelin surtiladi.
Go`dakni parvarish qilish chaqaloqlarniki singari, lekin bola nechi oyligiga qarab o`ziga xos bo`ladi. Bu davrda badan tarbiya va chiniqtirish muhim ahamiyatga ega, chunki chiniqqan bola turli kasalliklarga kamroq chalinadi. Shuningdek, ochiq havoda sayr qilish, havo vannalari, suv muolajalari, massaj va gimnastika bolaning har tomonlama yetuk va sog`lom o`sishiga yordam beradi.
Go`dakni 3-6 oyligidan boshlab oyoq qo`llarini yengil harakat qildirib boorish, buni turli tuman o`yinchoqlar bilan amalga oshirish maqsadga muvofiq. Kuniga bir necha bor qorni bilan yotqizish mumkin. Bola 6-10 oyligida asosiy e`tiborni emaklashga qaratish, nutqi shakllanishi uchun iloji boricha u bilan ko`proq gaplashish, qo`llari bilan har xil aylanma harakatlar qildirish lozim, buning uchun rang-barang o`yinchoqlardan foydalanishni tavsiya qilaman. 10-14 oyligida bola o`zi turadi, yuradi, gapni tushuna boshlaydi. Shu sababli, oyoqlarini ko`tarish, qo`llarini ushlab o`tirib-turish, gavdani oldiga egish va rostlash kabi mashqlar kiritiladi. Mashg`ulotlar ko`p jihatdan bolaning gapga tushinishiga, harakat ko`nikmalarini orttirishga yordam beradi. Shunday qilingan bola faol va mustaqil rivojlanadi.