Farzand tarbiyalash uchun avval o`zingizni tarbiyalang…
Bugungi kunda atrof-muhit, ayniqsa, ko`cha muhitining nihoyatda buzilib ketishi natijasida oilaning ahamiyati yanada oshdi. Afsuski, qanchadan qancha oilalarda e`tiborsizlik tufayli salbiy natijalar paydo bo`lishi mumkinligi ham bor gap.
Xonadonlarimiz bolalarning ruhlari va qalblarini to`ldiruvchi, ularning har jihatdan go`zal kamol topishlari uchun ko`mak bo`luvchi, eng ishonchli, mehrga to`la makon, buyuk maktab bo`lishi lozim. Ota-onalar shuni unutmasliklari kerakki, oiladagi tinchlik, xotirjamlik yoki janjallar bolalar ruhiyatiga bevosita yoki bilvosita ta`sir qiladi.
O`zini himoya qilish psixologiyasiga ko`r a bo`lsa ham, onalar farzandlarini otasi haqida zarracha bo`lsin salbiy taassurot qoldirmasliklari, otalar ham onalar haqida shunday tushuncha paydo qilmasliklari kerak. Bu borada imkon qadar e`tiborli bo`lish bo`lish lozim. Chunki bunday salbiy xatti-harakatlar avval bolaga, keyin esa oila ichidagi baxt-saodatga putur yetkazadi. Siz va turmush o`rtog`ingizga zarari esa- alohida mavzu.
Bunda ota-onalar ushbu holatning foyda-zararlarini chuqur hisob-kitob qilib olishlari kerak. Professor Doktor Ojar Boltosh o`zining “Ota-onlar maktabi” kitobida “Muvaffaqiyatga erishish borasida eng muhim omillardan biri batartib oila muhitdir. Stress o`lchovi bilan qaralganda, inson hayotiga eng kata yukni olib keladigan har 14 ta voqeadan 12 tasi oilaviy hayot bilan bog`liqlikdir”, deydi. Shunday ekan, oila tashqi olamdagi barcha salbiy holatlarga nisbatan ishonchli boshpana va tinchlik-xotirjamlik manbasi” maqomiga ega bo`lishi kerak.
Albatta, barcha oila a`zolari kabi oilada bolalar ham rioya etishi shart bo`lgan qoidalar, undan talab qilinadigan vazifalar mavjud. Bu vazifalar bolaga yoshiga qarab va iliq muomala bilan tushuntirilsa, oiladagilarning ishi ancha osonlashadi.
Farzand tarbiyalash uchun imkon qadar avval o`zingizni tarbiyalang.
Birgina gul o`stirish uchun bu ishni har jihatdan yaxshi bilish shart ekan, yaratilgan mavjudodlarning eng sharaflisi va eng oliy hisoblangan insonni tarbiyalash uchun ham ishning nozik jihatlarigacha puxta o`rganish kerak bo`lmaydimi?... turmush qurgan, hatto bola-chaqali insonlarni qo`ya turing, yoshlar va bolalarning ham bu borada ma`lum darajada bilimga ega bo`lishlari lozimligi masalani jiddiy ma`noda jamiyatga tatbiq etishni taqozo qiladi.
Faraz qiladigan bo`lsak uyda bolani faqat ota-ona tarbiyalaydimi? Katta farzandlar o`z gap so`zlariyu xatti-harakatlari bilan kichiklarga ta`sir qilmaydimi?... Ilk farzandingizni, atrofdagi yaqinlarning ta`siridan tashqari keng ma`noda olib qarasak, siz ota-onalar tarbiyalaysiz. Ikkinchi farzandingiznichi, kim tarbiyalaydi? Uning tarbiyasida siz bilan birga siz kamol toptirgan opa-ukalarning ham hissasi bo`ladi, shunday emasmi? Undan keyingilariningchi? Ularning tarbiyasida ham siz ulg`aytirgan opa-ukalari muhim o`rin tutadi. Ukalariga muomalasi yoki salbiy o`rnak bo`lish o`rniga ijobiy ma`noda o`rnak bo`lish borasida ularga tanbeh berasizmi yoki bunga ehtiyoj sezmaysizmi?...
Bu yerda bolalarni turli yosh guruhlariga qarab tarbiyalash borasida bilimga ega bo`lishdan tashqari yana bir muhim masala borki, u quyidagicha: ilk farzandni qobil yoki noqobil tarbiyalash faqat ularning o`ziga taaluqli ish emas, balki bu kelajakda o`z-o`zidan ukalarining ham tarbiyasiga bevosita ta`sir qiladi, ya`ni ularni ulgaytirishdagi ishingizni osonlashtiradi yoki aksincha, qiyinlashtiradi degani.
Demak ish avvalo farzand tarbiyasidan boshlanarkan. Xo`sh, avvalo o`zing biror narsani bilmasang, bolaga nima ham bera olarding, unga qanday yordam berishing mumkin, uni qanday yo`naltirasan.?
Bolalar bilan biror muammo tug`ulganida yoki aynan muammo chiqishi ham shart emas, imkon topildi deguncha turmush o`rtog`im bilan farzandlarimizning tabiati, xatti-harakatlari va ularga nisbatan yondashuvimiz borasida gaplashamiz, tegishli hulosalar chiqaramiz. “qilayotgan ishimiz to`g`rimi, noto`g`rimi?” yoki “nima qilishimiz mumkin?” deya o`zaro maslahatlashamiz, muammoga yechim izlaymiz. Buning uchun kerak bo`lsa kitoblardan foydalanamiz va izlaganimizni topolmasak, o`zimiz zarur yechim qidirish harakatiga tushamiz.
Eng go`zal ta`lim-tarbiya uslubi
Eng go`zal tarbiya usuli yaxshi namuna bo`lishdir, ammo o`rnak bo`lishning ham turli jihatlari bor:
- Ota-onalar, kattalar va ustozlarning bolaga yaxshi namuna bo`lishlari juda muhim. Bunda amalga oshirgan yaxshi ishlaringizni yashirish u yoqda tursin, hatto ular ko`rib o`rnak olishlariga harakat qiling.
- Bolalar diqqat e`tiborini atrofdagilarning namunali muomalasi va xulq-atvoriga qarating.
- Yon-atrofingizdan bolaga namuna bo`la oladigan insonlarni ularga ko`rsating va bunday kishilar bilan yaqin aloqa o`rnating.
- Bola e`tiborini yurtimiz yoki dunyidagi, tarix va hozirgi kunimizdagi go`zal odatlaru yaxshi na`muna bo`luvchi insonlarga jalb qiling; ular ustida ko`proq to`xtaling va bolalar bilan savol javob tariqasida suhbatlar olib boring. Ko`proq ularni tinglashga harakat qiling.
Salbiy na`muna bo`luvchilar ustida ko`p to`xtalmang. Chunki bolalarning ko`proq ijobiy o`rnak olishga ehtiyojlari bor.
“Taqlid qiladigan kishisi bo`lmaganlar juda kam hollarda kamolotga erishadilar” (Platus)
Yaxshi misollar bolaning his-tuyg`ulari va xatti-harakatlari dunyosiga tabiiy tartib-intizom olib keladi. Hali bola-ku demasdan bu ishni kanda qilmaylik. O`yin-kulgi, hordiq chiqarish va o`zimizning oddiy tuyg`ularimizni qondirish uchun “katta bo`lsa o`nglanib qolar” degan tushuncha bilan hazil qilib bo`lsa ham farzandimizga yomon gaplarni gapirtirmaylik, yomon ishlarni qildirmaylik. Chunki farzandiga, ya`ni dunyodan bexabar bolaga “Shunday deb ayt-chi” yoki “shu ishni qilchi, ko`raylik”, deya uyatsiz gaplarni gapirtirib, o`zlari kulib o`tirishganini ko`p ko`rganmiz. Holbuki, Yaxyo ibn Muoz aytganidek: “Har bir aytilgan so`z bolaning shahsiyat binosiga qo`yilgan g`isht kabidir”. Bila turib shunday qilganlar esa yo bolaning ong ostiga nimalarni joylayotganini bilishmaydi, yoki inson tarbiyasi bilan zarracha tashvishlari yo`q.
Farzand yaxshi oila muhitida tarbiyalansa, kamol topishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, muammoning manbasi bolada emas, kattalarda. Nima eksang, shuni o`rasan.
Hammamiz ham insonmiz, farzandlarimizga nisbatan kamchiliklarimiz bo`lishi mumkin, albatta. Ammo bu holatni odatga aylantirmasligimiz va aytayotgan gapimiz mohiyatini, hech bo`lmasa, umumiy ma`noda anglashimiz kerak.
Ota-onalar farzandlari oldida aytgan yomon so`zlari va salbiy xatti-harakatlari, oilaviy muammolar borasida tortishuvlari bilan ular xotirasida chuqur iz qoldirishlarini unutmasliklari kerak. Ayniqsa, bolalar yonida o`zgalarni g`iybat qilinmasligi, aksincha kishilarning ijobiy jihatlariga ko`proq urg`u berilishi lozim.