Ich ketish kasalligi (diareya).
Mundarija:
- Ich ketish kasalligi haqida
- Suvsizlanish belgilari
- Ichi ketayotgan bolani uy sharoitida davolash
- Ich ketishining oldini olish
Yilning issiq oylarida bolalar o`rtasida ich ketish kasalligi ko`p uchraydi.
Ichini bir kunda 3-4 marta suyuq bo`lib kelishi ich ketish diareya deb ataladi. Ich ketish 6 oylikdan 2 yoshgacha bo`lgan bollarda ko`proq uchraydi. Agar bolani axlatida qon bo`lsa, ichburuq (dizenteriya)ga chalingan deb hisoblanadi. Ichining suvdek tez-tez ketishi natijasida bola tanasining suvsizlanishi kuzatiladi. Suvsizlanish esa o`z navbatida o`limga olib kelishi mumkin.
Xar bir ichi ketgan bolaga befarq bo`lmang!
Quyidagi belgilardan birortasini aniqlasangiz zudlik bilan shifokorga murojaat qiling!
- Bolangizning ichu suyuq suvdek ketsa.
- Axlatda qon bo`lsa.
- Bolangiz haddan tashqari uyquchan yoki bexush bo`lsa.
- Har qanday ovqat yoki suyuqlikdan keyin qayt qilsa.
- Tana harorati ko`tarilsa yoki isitmasi tushmasa.
- Suyuqlikni yaxshi icha olmasa, ko`krakni ema olmasa yoki aksincha tashnalik bilan yutoqib ichsa.
- Ahvoli yomonlashsa, behalovat yoki ortiqcha injiqlik qilsa.
Agarda ko`rsatilgan vaqtida aniqlab darhol shifokorga murojaat qilsangiz, bolangiz hayotini va sog`ligini saqlab qolasiz.
Suvsizlanish belgilari:
- Quvvatsizlik
- Holsizlik va uyquchanlik
- Bezovta va betoqat
- Siydikning kamayishi va uni to`q sariq rangda bo`lishi
- Vaznning kamayishi
- Og`iz qurishi, chanqoqlik
- Ko`zlarining kirtayishi
- Chaqaloqlar boshidagi liqildoqning chuqurlashishi
Ichi ketayotgan bolani uy sharoitida davolash:
Ba`zi hollarda ichi ketayotgan bolani shifokor maslahati bilan uyda davolashingiz mumkin.
- ich ketishi boshlanishi bilanoq bolaga suyuqlikni piyolada yoki qoshiqda tez-tez ichirib turing.
- go`daklarga suyuqlik berishda qoshiqchadan foydalaning. Qo`shimcha suyuqliklar berishni bolani ichi ketishi to`xtaguncha davom ettiring
- emadigan bolani kechayu-kunduz, tez-tez va uzoqroq emizing
- 6 oygacha bo`lgan bolaga qo`shimcha ovqatlar hali bermayotgan bo`lsa, suvsizlanishni oldini olish uchun REGIDRON yoki qaynatilgan iliq suv berib turing.
- Agar bolaga qo`shimcha ovqatlar berilayotgan bo`lsa yoki bola ko`krakdan butunlay ajratilgan bo`lsa, quyidagilarning birortasi bering: regidron, toza qaynatilgan iliq suv, suyuq ovqatlar (sho`rva, guruch suvi, qatiq, ayron, sharbatlar ). Bu suyuqliklar yoshi kattaroq bolalar uchun ham taalluqlidir.
- Suyuqliklarni berish paytida bolangiz qayt qilib yuborsa, 10 daqiqa bolangizga hech qanday suyuqlik bermang, keyin esa har 2-3 daqiqada oz-ozdan suyuqliklarni birortasini ichirishni boshlang.
- 2 yoshgacha bo`lgan bolaga har ichi ketganidan so`ng 50-100 ml regidron ichirib turing.
- 2 yoshdan katta bo`lgan bolaga har ichi ketganindan so`ng 100-200 ml qo`shimcha suyuqlik berish kerak.
Ich ketishining oldini olish:
- Birinchi 6 oy davomida bolani faqat emizib boqing. Ko`krak suti ko`pgina kasalliklarga va ich ketishga qarshi kurashishda bolaga yordam beradi. Agar bolani emizishning iloji bo`lmasa, uni piyolada va qoshiq yordamida ovqatlantiring. Shisha idish va so`rg`ichlardan foydalanmang.
- Bolangizni qo`shimcha ovqatlarga o`rgatish uchun, ovqat hajmini asta-sekin ko`paytiring, birdaniga 2-3 xil yangi ovqatni qo`shib bermang.
- Agar bolangiz emizikli bo`lsa, uni emizing, keyin qo`shimcha ovqat bering.
- Bolangizga tegishli bo`lgan anjomlarni ( idish tovoqlarini, o`yinchoqlarini, kiyim-kechaklarini) toza tuting.
- Chivin va nonxo`rak (tarakan) bilan kurashing. Ayniqsa, chivin ovqatga yoki idish-tovoqqa qo`nmasligi kerak. Chivin ich ketar kasalligining sabachilarini tarqatadi.
- Ovqatlanishi buzilgan, kam vaznli bolani ich ketish kasalligiga uchrash xavfi juda yuqori bo`ladi, shuning uchun bolani to`g`ri ovqatlantirishga jiddiy ahamiyat bering!