Farzandlarimizning o`zgacha xususiyatlari, o`ziga hos jihatlari bilan qanchalik yaqindan tanishsak farzand tarbiyasida ko`zlangan natijaga erishishimiz shunchalik osonlashadi. Avvalo, jigarbandlarimizni umumiy ma`noda bilish yoki bir qancha jihatlaridan voqif bo`lish bilan ularni har jihatdan yaxshi o`rganganmiz, deb aytaolamizmi?

Bu xususda qilinishi kerak bo`lgan ishlar yuzasidan taklifim bor:

Ularning o`ziga hos tomonlarini yanada yaxshiroq bilish uchun ona alohida, ota alohida yoki har ikkisi birgalikda farzandlarining xususiyatlarini qog`ozga yozishlari, yodga tushgan sari bu ro`yhatni davom ettirib, qo`shimcha qilishlari mumkin.

Farzandimiz nimalardan zavqlanadi, nimalarni yoqtirmaydi, tersmi yoki muloyim, qaysarmi yoki yuvosh, shijoatli va azmu qarorlimi yoki bo`shashgan va tez taslim bo`luvchanmi, sabrlimi yoki shoshqaloq va qanoatsizmi, mehnatkashmi yoki dangasa, isrofgarmi yoki tejab-tergovchi, ijtimoiy jihatdan ochiqmi yoki ichki qobig`iga o`ralganmi, qo`polmi yoki nozik, chaqqonmi yoki sustkash, eng kuchli jihatlari nimalaru zaif tomonlari nimalar, nimalarni jon deb bajaradiyu nimalarni istamaygina qiladi. 

“Bolaning xatti-harakatlari yaxshi kuzatilsa va to`g`ri qaror qabul qilinsa, samarali ish olib borish imkoni tug`iladi”. 

(Doroti Nol`te)

Bular farzandimizga nisbatan xatti-harakatlarimizda bizga yo`l ko`rsatuvchi bo`lib xizmat qiladi. Bunda, shunda oilalar o`z xatolarini yanada yaxshiroq ko`rib, bolasiga yondashuv tarzini o`zgartirishga extiyoj sezar; bolaning kuchli jihatlarini ko`proq qo`llab-quvvatlab yanada rivojlantirishga, zaif jihatlarini esa to`ldirib-tuzatishga kirishishar, balki, yanada qiziq, shu bilan birga, foydali boshqa natijalarga erishishar.

Bu qayd qilish ishini ota yoki ona o`zlari uchun ham bajarishlari mumkin.

Do'stlariga e'tiborli bo'lish

Hayotda yaxshi do`st insonni qayerga yetaklaydi-yu, yomon do`st qayerga boshlaydi? Ayniqsa, bolalik va yoshlik yillaringda. Xinolizoda Ali Chalabiy “ Inson xulq-atvor o`g`risidir”, deydi va bu bolalik davrlarida yanada yuqori darajada bo`lishini ta`kidlaydi.

Yaqinlarim orasida darslarini juda yaxshi o`zlashtiruvchi qarindoshim bo`lardi. Litseyda o`qib yurgan kezlari, nimadur bo`ldiyu birinchi chorakdayoq 7 ta past baho oldi. Bu uning uchun aql bovar qilmas ish edi. Buning sabablari o`rganilgach, ma`lum bo`ldiki yaqinda o`ziga yangi do`stlar davrasini topgan va ularning ta`sirida shu ahvolga tushgan ekan. O`ziga kelishi uchun tegishli choralar ko`rildi, o`zi ham g`ayrat qildi. Ikkinchi chorakda sust baholari soni 2 ta bo`ldi holos., ularni ham imtihonlarda to`g`irladi. O`sha ko`rsatkichi haqida keyinroq o`zi aytib qoldi: “Yettita past baho olganimda o`qishni tashlab ketishni ham o`yladim, biroq buni o`zimga ep ko`rmadim”.

Shu bo`ldi-yu yangi o`rtoqlariga “qurbon” bo`lgan o`sha kunlardan so`ng qaytib hech qachon o`sha holatga tushmadi va kelgusi ishlarida muvaffaqiyat qozonib, avval o`qituvchi, undan keyin boshqarmada yuqori lavozimlarda ishladi.

Ko`rinib turubdiki, 

“yaxshi do'st xushbo`y atir sotuvchisiga o'xshaydi. Senga shirin hidlardan surtmasa ham, yonida tursang, uning go'zal iforidan bahramand bo'laverasan.” 

( Buyuklar bisotidan)

Do'st – birodarlar ham insonning ko`p narsaga erishishida yoki ko`p narsani boy berishiga sababchi bo`ladi. “Olimga yaqin yursang olim, zolimga yaqin yursang zolim bo`lasan” degan gap bor xalqda.

Bolani o`rtoqlaridan uzilgan holda yashashga undash xato bo`ladi; chunki buning bola ruhiyatiga ta`siri juda kata va o`nglanishi qiyin. Shu bilan birga, kata ahamiyat kasb etuvchi do`stlar davrasi ham bolaning o`ziga qo`yib bermasligi kerak. Chunki ular o`zlarining hayotiy tajribasizliklari bilan kattalarning yordamiga ehtiyojlari bor. Oilalar o`z farzandining do`st yorlarini biroz bo`lasada bilishi kerak. Do`stlashish borasida ularga sezdirmay yo`naltirish ham mumkin. Mehnatkash va tarbiyali bolalar hamda osmirlar bilan do`stlashishi uchun kerakli muhit hozirlab, ularga yordam berish, bunday do`stlari va o`rtoqlarini qo`llab turish kerak.

Oilalar o`zaro bir-birlarinikiga borishlari, farzandlari do`stlashishi uchun yaxshi ishlar qilishlari va sharoit yaratishlari, ularning do`stligini qo`llab-quvvatlashlari kerak.

Farzandlaringizning do`stlariga iliq munosabatda bo`ling. Bu ulardan ko`ra ko`proq farzandingizni qadrlash belgisi sanaladi. Bolada shu tarzda ishonch tuyg`usini uyg`otishingiz, uning mehri va hurmatini qozonishingiz mumkin.

Bir jihatdan olganda, bolalar hammamizning farzanlarimizdir. Ular biz qurmoqchi bo`lgan yaxshiliklar, go`zalliklar dunyosining eng bebaho ustunlaridir. Shuni ham unutmaylikki, farzandimizning tarbiyasida boshqa bolalarning ham roli kata. 

Eng muhimi bola do`stlashmoqchi bo`lgan tengdoshlaridan yaxshu xususiyatlarni izlashi, yomon bolalardan uzoq bo`lishi, qisqasi do`st tanlashni ham o`rganishi, buni eplay olishi kerak. Buni uddalagan bolalar esa hayoti davomida juda ko`p foydasini ko`rishadi.