O`tkir gepatit.

O`tkir gepatit – jigar faoliyatining ro`yi rost zararlanishi bilan kechadi. Botkin kasalligi yoki yuqumli gepatit o`tkir geoatitning eng ko`p tarqalgan turi hisoblanadi. Bunda ko`z oqi va teri sarg`ayadi, bu kasallik ilgari kataral sariqlik nomi bilan ma`lum edi.

Mashhur klinitsist-shifokor S.P.Botkin XIX asrning oxiridayoq bu kasallikning yuqumli ekanini birinchi bo`lib taxmin qildi. Xozirgi paytda shu narsa ravshan aniqlanganki, Botkin kasalligini juda mayda spetsifik mikrob-viruslar qo`zg`atadi. Uni oddiy mikroskopda juda kattalashtirib qaralganda ham ko`rinmaydi. Virus ko`pincha, pokiza bo`lmagan ovqat, suv yoki kir qo`l orqali og`izdan yuqadi. Shuningdek, virusni pashsha ham tashiydi. Kasallik yuqqandan to uning dastlabki alomatlari paydo bo`lgunga qadar 3-5 kun. Biroq ayrim hollarda yashirin davr bir necha haftaga cho`ziladi.

Kasallikning dastlabki davrida bemorning harorati 2-3 kun mobaynida 37.5-38 C ga chiqib turadi. Bemor lohas bo`ladi, boshi og`riydi. Kasallik ba`zan gripp alomatlari bilan kechadi, bemorning ko`ngli ayniydi, qayt qiladi, o`ng qovurg`asi ostida noxush sezgilar yoki og`riq sezadi. Biroq bemor odatda dastlabki paytlarda sarg`aymaydi.

O`tkir gepatit bilan og`riq qolganda odam o`rin-ko`rpa qilib yotishi va shifokor buyurganlarini puxta bajarishi kerak. Bunday bemorlarni atrofdagilarga gepatit tarqatmasligi uchun kasalxonaga yotqizish lozim. Ular kasalxonada tegishlicha davolanadilar, tibbiyot xodimlari parvarishida bo`ladilar.

Gepatit bilan og`rib qolgan bemorlarning faqat kasallik davrida emas, balki uzoq vaqtgacha, hatto sog`aygandan keyin ham parhez tutishi juda muhim. Chunki kassallikdan so`ng jigar faoliyati asli holiga juda sekin kela boshlaydi. Botkin kasalligini boshidan kechirgan odamlarga 4-6 oygacha  parheztutish va faqat shifokor maslahati bilan parhez taomlar xilini ko`paytirish tavsiya etiladi.

O`tkir gepatitning sarg`aymasdan kechadigan turlarida bemorlar ko`pincha bosh og`rishidan, biroz behollikdan, ishtaha yo`qligidan, ko`ngil aynishidan va o`ng qovurg`a osti yoki to`sh osti sohasining simillab og`rishidan shikoyat qiladilar.

  Jigar va gipatit kasalligiga chalingan bemorlar qat`iy ravishda quyidagi ko`rsatmalarga amal qilishlari shart.

  • shifokor belgilagan parhez va yotish rejimiga amal qilish;
  • kasalxonadan chiqqandan keyin ham uy sharoitida tozalikka rioya qilish(bemorning choyshabi, kiyimlari, ovqatlanadigan idishlari, xonasi maxsus eritmali suvda chayilishi shart);
  • spirtli va gazli (fanta, kola, sprayt kabi) ichimliklardan tiyilishlari lozim;
  • tamaki chekish, yog`li, achchiq, dudlangan konserva, tuzlamalar iste`mol qilishdan voz kechishlari kerak. 

Sariq kasalga chalingan bemorlarga yog`siz tovuq sho`rva, shirguruch, ugra oshi, saryog`da pishirilgan parhezli palov, sabzavotli dimlamalar, bug`da pishirilganqiymali do`lma, kartoshkali manti kabi taomlar tavsiya etiladi.